O‘zbek milliy madaniyatning xalqaro maydondagi targ‘iboti

O‘zbek milliy madaniyatning xalqaro maydondagi targ‘iboti
Madaniyat va san’at har bir millatning o‘tmishi, buguni va kealajagini o‘zida namoyon etuvchi vositadir. O‘zbek xalqi ham o‘zining boy madaniyati va betakror san’ati bilan dunyo hamjamiyatida munosib o‘ringa egadir. Mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi to‘rt, besh yil ichida sohaga bo‘lgan e’tibor kuchayib, uning yanada taraqqiy etishi uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Birgina misol so‘nggi ikki yilda dunyoning rivojlangan mamlakatlari Xitoy va Qatarda, bundan tashqari qardosh Ozarbayjon davlatida “O‘zbekiston madaniyati” kunlari o‘tkazildi. Madaniyat kunlari doirasida o‘tkazilgan tadbirlar ushbu mamlakatda istiqomat qiluvchi millat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. E’tiborlisi bu safargi madaniyat kunlarida oldingilaridan farqli o‘laroq faqat konsert dasturlari bilan chegaralanib qolinmadi. Tadbirlar doirasida o‘zbek hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi, milliy liboslar va qo‘l mehnati namunalarining ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasining rivoji, o‘zbek madaniyatining jahon bo‘ylab targ‘ib etilishi uchun ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Bu borada turkiy dunyo bilan hamkorlikni kuchaytirish, qardosh millat vakillari o‘rtasida madaniyat va san’at, turizm sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yaratish borasida ham muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, 2022-yil qadim Buxoroyi sharifda ilk bor “Turkiy dunyo yoshlar forumi” o‘tkazildi. Forumda turkiy dunyodan tashrif buyurgan faol va intellektual salohiyati yuksak yoshlar o‘zbek madaniyati va san’ati, tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Hukumatimiz tomonidan turkiy dunyoda madaniyat va san’at sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida TURKSOY tashkiloti bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. 2023-yil ilk bor “Turk dunyosi talabalar teatr” festivali O‘zbekistonda o‘tkazildi. Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan 100 ga yaqin mehmonlar va teatr jamoalariga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti mezbonlik qildi. Festival davomida har bir davlatdan tashrif buyurgan teatr guruhlari tomonidan turli mavzudagi spektakllar namoyish etildi. Bundan tashqari malakali teatrshunos olimlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Shuningdek, mehmonlar e’tiboriga milliy hunarmandchilik, duradgorlik va milliy to‘qimachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham taqdim etildi. Festival ishtirokchilari uchun poytaxtimiz Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirildi. O‘zbekiston tarixi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘ylab ekskursiyalar tashkil etildi. Bundan tashqari qardosh davlatlardan kelgan madaniyat va san’at oliygohlari rektorlari yurtimizda mavjud bo‘lgan barcha madaniyat va san’atga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Festivalda ishtirok etgan teatrshunos olimlar va talabalar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari hamda mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) rahbari Sultan Rayevlar tantanali ravishda topshirdilar. Ushbu festival turk dunyosi yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni mustahkamlash bilan birga, o‘zbek madaniyati va san’atini dunyoga tanitishda muhim qadam bo‘ldi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
2021-yil TURKSOY va O‘zbekiston munosabatlarining eng yorqin yillaridan biri bo‘ldi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 2020-yil dunyoni zabt etgan pandemiya tufayli amalga oshmay qolgan bir qator madaniy tadbirlar mamlakatimizning ko‘hna tarixiy shahri bo‘lmish Xivada bo‘lib o‘tdi.
2021-yilning 14-15-sentabr kunlari Xiva shahrida xalqaro forum hamda madaniy meros masalalari boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasining I yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, anʼanaviy madaniy meros haftaligi dasturi doirasidan TURKSOY davlatlari madaniyat vazirlari doimiy kengashining yigʻilishi ham oʻrin oldi. Xivada oʻtkaziladigan madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun dunyoning 60 dan ortiq davlatlaridan kelgan 300 nafardan ziyod olimlar, ekspertlar, tarixchilar,
100 dan ortiq xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari Urganch xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Forum qatnashchilari uchun Ichanqalʼaning tarixiy yodgorliklari boʻylab sayohat va teatr tomoshalari tashkil qilindi. Taʼkidlash lozimki, TURKSOY xalqaro tashkiloti har bir “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb tanlangan shaharda tashkilotga aʼzo davlatlarning sanʼati va madaniyatini ochib beruvchi fotokoʻrgazma tashkil etish anʼanasini yoʻlga qoʻygan. Shu munosabat bilan Xiva shahrida ham TURKSOY xalqaro tashkilotining fotokoʻrgazmasi ochildi. Qadimiy Ichanqalʼaning Koʻhna ark maydonida “Xiva – Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb nomlangan gala-konsert namoyish etildi. Tadbirda YUNESKO Bosh direktorining oʻrinbosari Gabriella Ramos va TURKSOY tashkiloti direktori oʻrinbosari Bilol Chakiji (sobiq) soʻzga chiqib, Xiva shahrining turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinganligi toʻgʻrisidagi sertifikatni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Xiva shahri hokimi Temur Davletovga topshirdilar. Forumning rasmiy ochilishi Xiva shahrida boʻlib oʻtdi. Forumning rasmiy ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga tabrigini oʻqib eshittirdi. Ushbu madaniyat forumida YUNESKO, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligi, ISESKO, IKKROM, YUNVTO, Yevropa Ittifoqi, “Turkiy davlatlar tashkiloti”(Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi), TURKSOY kabi xalqaro tashkilot rahbarlari va vakillari, Qirgʻiziston, Ozarbayjon madaniyat vazirlari va Tojikiston madaniyat vaziri oʻrinbosari ishtirok etdi.
Yaqinda О‘zbekistonda Ozarbayjon kunlari o‘tkazildi. O‘zbek xalqi uchun ushbu kunlar katta shodiyona sifatida nishonladi. Aynan Ozarbayjon kunlari doirasida birgina O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida katta konsert oqshomi va spektakl namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Tadbir so‘ngida qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Ozarbayjon milliy Mug‘om markazi rahbari Sahib Pashazadega institutning faxriy professori unvoni taqdim etildi. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stono munosabatlarning yuksak darajadagi namunasidir.

Eldor SHERMANOV-
O‘zDSMI birinchi prorektori,
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix: 25-06-2024, 14:25
2.09.2024
09:52
Xalqın məsuliyyəti
22.08.2024
08:01
Yeni mərhələ...